Superliga. 24-turdagi bahsli vaziyatlar yuzasidan Ekspert-hakamlar komissiyasi xulosasi
11.11.24
Joriy yilning 10-noyabr sanasida Superliga 2024-yilgi mavsumning 24-turi yakuniga yetdi. O‘zbekiston futbol hakamlari markazi mazkur uchrashuvlar tugagach, Ekspert-hakamlar komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi va tur doirasida kuzatilgan bahsli vaziyatlar tahlil qilindi. Bu bellashuvlarda jami 6 ta bahsli vaziyat yuzaga keldi.
Quyida ularning batafsil izohi va chiqarilgan yakuniy qarorlar bilan tanishishingiz mumkin:
1-vaziyat: "Dinamo" - "Lokomotiv" o'yini: bahsli penalti.
"Dinamo" - "Lokomotiv" uchrashuvining 16-daqiqasida mezbonlarning 4-raqamli a'zosi raqib jarima maydonida to'p uchun kurash olib bordi va maydonga yiqildi. Bosh hakam Doston Mirzarayimov bu vaziyatda penalti yo'qligini qayd etdi va bahsni davom ettirdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga aralashmasdan to'g'ri qilgan, himoyachi raqibga nisbatan qo'pollik ishlatgan yoki ishlatmagani bo'yicha videofakt mavjud emas. Shu sababli, penalti belgilash uchun asos yo'q. Komissiya hakamning qarori to'g'ri ekanini ma'lum qiladi.
2-vaziyat: "Dinamo" - "Lokomotiv" bellashuvi: bahsli vaziyat.
"Dinamo" - "Lokomotiv" uchrashuvining 67-daqiqasida samarqandliklarning 70-raqamli vakili mehmonlarning 97-raqamli a'zosiga nisbatan qo'pol harakat qildi. Bosh hakam Doston MIrzarayimov futbolchiga sariq kartochka ko'rsatdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda futbolchi to'p uchun harakat qilgan, ammo ulgurmagani bois raqibiga nisbatan qo'pollik ishlatgan. Bu holatda qizil kartochka berish uchun asos yo'q. Komissiya tomonidan hakamning qarori to'g'ri, deb topildi.
3-vaziyat. "Navbahor" - "Paxtakor" qarama-qarshiligi: bahsli qizil kartochka.
"Navbahor" - "Paxtakor" uchrashuvining 54-daqiqasida mehmonlarning 2-raqamli futbolchisi namanganliklarning 22-raqamli a'zosiga nisbatan qo'pol harakat qildi. Bosh hakam Rustam Lutfullin dastlab futbolchiga sariq kartochka ko'rsatdi. VAR hakami uni monitor yoniga chaqirgach esa referi qarorni qizil kartochkaga o'zgartirdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga to'g'ri aralashgan. Futbolchi butsasining tag qismi bilan ochiqchasiga raqibiga qo'pollik ishlatgan. Chetlatish uchun asos yetarli. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamlarning qarorini to'g'ri, deb hisobladi.
"Nasaf" - "So'g'diyona" uchrashuvining 90-daqiqasida mehmonlarning 33-raqamli a'zosi o'z jarima maydonida to'pni qaytarib yubordi. Bosh hakam G'ayrat Jo'rayev qo'l bilan o'yin yo'qligini va qoidabuzarlik holati qayd etilmaganini ma'lum qildi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda to'p himoyachining yelka qismiga tekkan. Penalti belgilash uchun asos yo'q. Shu bois, komissiya hakamning qarorini to'g'ri, deb topdi.
"Surxon" - "Neftchi" uchrashuvining 79-daqiqasida termizliklarning 5-raqamli vakili mehmonlarning 17-raqamli a'zosiga nisbatan qo'pol harakat qildi. Bosh hakam Ibrohim Ismoilov dastlab penalti belgiladi, ammo VAR tekshiruvidan so'ng jarima zarbasi qayd etdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda videotakrorlardan ko'rish mumkinki, futbolchi qoidani buzgan. Ammo fol jarima maydonchasidan tashqarida sodir etilgan. Penalti uchun asos yo'q. Komissiya tomonidan hakamlarning qarori to'g'ri, deb topildi.
"Andijon" - "Qizilqum" uchrashuvining 30-daqiqasida mezbonlar posboni 7-raqamli raqibi bilan to'p uchun kurash olib bordi. Bosh hakam To'rabek Suyunov bahsni davom ettirdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga aralashmasdan to'g'ri qilgan. Mehmonlar hujumchisi penalti ishlash uchun simulyatsiya ishlatgan. Mazkur holatda penalti uchun asos mavjud emas. Ekspert-hakamlar komissiyasi tomonidan hakamning qarori to'g'ri, deb topildi.