Superliga. 21-turdagi bahsli vaziyatlar yuzasidan Ekspert-hakamlar komissiyasi xulosasi
23.10.24
Joriy yilning 21-oktabr sanasida Superliga 2024-yilgi mavsumning 21-turi yakuniga yetdi. O‘zbekiston futbol hakamlari markazi mazkur uchrashuvlar tugagach, Ekspert-hakamlar komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi va tur doirasida kuzatilgan bahsli vaziyatlar tahlil qilindi. Bu bellashuvlarda jami 8 ta bahsli vaziyat yuzaga keldi.
Quyida ularning batafsil izohi va chiqarilgan yakuniy qarorlar bilan tanishishingiz mumkin:
"Nasaf" - "Surxon" uchrashuvining 32-daqiqasida mehmonlar qulay vaziyatga ega bo'ldi va shu holatda to'p mezbonlarning 5-raqamli futbolchisiga tegib, o'yinga qaytdi. Bosh hakam Rustam Lutfullin mazkur epizodda to'p qo'lga tegmaganini qayd etdi va bahsni davom ettirdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda qo'l tabiiy tarzda turibdi. Futbolchining qo'li to'p tomon harakatlanmagan. Shu bois, 11 metrlik jarima zarbasi uchun yetarli asos mavjud emas. Ekspert-hakamlar komissiyasi tomonidan hakamning qarori to'g'ri, deb hisoblandi.
2-vaziyat. "Nasaf" - "Surxon" qarama-qarshiligi: bahsli qizil kartochka.
"Nasaf" - "Surxon" uchrashuvining 68-daqiqasida mehmonlarning 14-raqamli futbolchisi qarshiliklarning 34-raqamli a'zosiga nisbatan qo'pol harakat qildi. Bosh hakam Rustam Lutfullin fol qayd etdi. Ammo ayni pallada mezbonlar vakili mehmon jamoa a'zosiga agressiv harakat amalga oshirdi va uning bo'yin qismidan bo'g'ib oldi. Hakam tajovuzkor xatti-harakat uchun 34-raqamli futbolchiga qizil kartochka ko'rsatdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda hakam mehmonlar foydasiga fol qayd etib, to'g'ri qilgan. Chetlatilgan o'yinchiga nisbatan o'yin qoidasi buzilgan, ammo qarshiliklar a'zosi dastlab 14-raqamli raqibining bo'ynidan bo'g'ib, agressiv harakat qildi. Sal o'tib esa 3-raqamli futbolchining yuz qismini qo'li bilan itarib, tajovuzkor harakat amalga oshirdi. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning qizil kartochka bo'yicha qarorini to'g'ri, deb topdi.
Qo'shimchasiga, vaziyatni keskinlashtirgani uchun termizliklarning 3-raqamli a'zosi sariq kartochka bilan jazolanishi kerak edi.
"Lokomotiv" - "Bunyodkor" uchrashuvining 10-daqiqasida mezbonlarning 7-raqamli a'zosi raqib jarima maydoniga yorib kirdi. Ayni shu paytda raqib himoyachisi unga qo'pollik ishlatib, to'xtatib qoldi. Bosh hakam Nayim Qosimov bu vaziyatda qoidabuzarlik borligini qayd etdi va nuqtaga ishora qildi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda himoyachi to'p uchun o'ynamagan. U oyog'i bilan raqibining muvozanat yo'qotishiga sabab bo'lgan. 11 metrlik jarima zarbasi uchun yetarli asos mavjud. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning qarori to'g'ri ekanini ma'lum qiladi.
"Metallurg" - "Andijon" uchrashuvining 49-daqiqasida andijonliklarning 15-raqamli vakili mezbonlarning 25-raqamli a'zosiga nisbatan qo'pol harakat qildi. Bosh hakam G'ayrat Jo'rayev futbolchiga sariq kartochka ko'rsatdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda futbolchi raqibga ataylab qo'pollik ishlatmagan, u ortdan kelayotgan o'yinchini ko'rmagan. Bu holatda qizil kartochka berish uchun asos yo'q. Komissiya hakamning qarorini to'g'ri, deb topdi.
"Metallurg" - "Andijon" uchrashuvining 89-daqiqasida mehmonlarning 77-raqamli a'zosi raqib jarima maydonida to'p uchun kurash olib bordi, so'ng himoyachilar tomonidan zararsizlantirildi. Bosh hakam G'ayrat Jo'rayev bu vaziyatda penalti yo'qligini qayd etdi va bahsni davom ettirdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga aralashmasdan to'g'ri qilgan, himoyachi raqibga nisbatan qo'pollik ishlatmagan. U raqibiga qarshilik ko'rsatgan, ammo bu muvozanat yo'qotish uchun yetarli emas. Penalti belgilash uchun asos yo'q. Komissiya hakamning qarori to'g'ri ekanini ma'lum qiladi.
"Neftchi" - "Navbahor" uchrashuvining 42-daqiqasida farg'onaliklarning 11-raqamli vakili mehmonlarning 23-raqamli a'zosiga nisbatan qo'pol harakat qildi. Bosh hakam Timur To'xtasinov futbolchiga sariq kartochka ko'rsatdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda futbolchi to'p uchun harakat qilgan, ammo ulgurmagani bois raqibining oyog'ini bosib olgan. Bu holatda qizil kartochka berish uchun asos yo'q. Komissiya tomonidan hakamning qarori to'g'ri, deb topildi.
"Neftchi" - "Navbahor" uchrashuvining 72-daqiqasida mezbonlarning 70-raqamli a'zosi mehmonlarning 77-raqamli futbolchisiga qo'pollik ishlatdi. Bosh hakam Timur To'xtasinov dastlab penalti yo'qligini qayd etdi. Lekin VAR hakami uni monitor yoniga chaqirgach, referi futbolchiga sariq kartochka ko'rsatdi va nuqtaga ishora qildi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga aralashib, to'g'ri qilgan. Himoyachi to'pga ulgurmagan va raqibning bosh qismiga oyog'i bilan zarba bergan. Penalti belgilash uchun asos yetarli. Komissiya hakamlarning qarori to'g'ri ekanini ma'lum qiladi.
"Olimpik" - "Qizilqum" uchrashuvining 72-daqiqasida mehmonlar qulay vaziyatga ega bo'ldi va shu holatda to'p mezbonlarning 5-raqamli futbolchisiga tegib, o'yinga qaytdi. Bosh hakam Sardor Rahmonov mazkur epizodda to'p qo'lga tegmaganini qayd etdi va bahsni davom ettirdi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda futbolchining qo'li to'p tomon harakatlanmagan va notabiiylik belgilari mavjud emas. Shu bois, 11 metrlik jarima zarbasi uchun yetarli asos yo'q. Ekspert-hakamlar komissiyasi hakamning qarori to'g'ri ekanini ma'lum qiladi.